🔍 Rasmni to'liq ko'rish yoki yuklab olish uchun ustiga bosing
Xonqa tumani axborot-kutubxona markazida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Xotira mangu — qadr abadiy” mavzusida xotira kechasi tashkil etildi.
Tadbirda 27–29-son umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari hamda ustozlari faol ishtirok etdilar. Kecha davomida o‘quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, Vatanga muhabbat va tinchlikni madh etuvchi she’rlar o‘qildi. Kuy-qo‘shiqlar va milliy raqslar tadbirga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
Shuningdek, tadbirga tashrif buyurgan faxriy nuroniylarimiz Ikkinchi jahon urushi yillaridagi xotiralari bilan o‘rtoqlashib, bugungi tinch va osuda hayotning qadriga yetish haqida samimiy fikrlar bildirdilar.
Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, ajdodlar xotirasiga hurmat va milliy qadriyatlarga ehtirom tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
🇺🇿 9-may — Xotira va qadrlash kuni xalqimiz uchun yuksak ma’naviy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim sanalardan biridir. Bu kunda yurtimiz ozodligi va tinchligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasi yod etilib, bugungi dorilamon kunlarga munosib hissa qo‘shayotgan faxriylarimiz va nuroniylarimizga chuqur hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi. Xotira va qadrlash kuni insonlarni o‘tmishni unutmaslikka, tinchlikning qadriga yetishga hamda Vatanga sadoqat ruhida yashashga chorlaydi.